Joriy yilning 4 aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligida Venesuela Bolivar Respublikasining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida akkreditatsiyadan o‘tgan Favqulodda va Muxtor Elchisi, Rosalba Lo Bue Antiko xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi (elchixona bosh qarorgohi Ostona shahrida joylashgan).

Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Elchi xonim ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirar ekan, O‘zbekiston delegatsiyasini Venesuelada qabul qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, mintaqaviy integratsiya mexanizmlari doirasida sheriklik uchun qulay sharoitlar mavjudligini qayd etdi.

Javoban, Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasining investitsion muhiti haqida ma’lumot berib, olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil so‘zlab berdi. Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalar tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlar va ularning qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratdilar. Agentlik rahbari O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo va yaqin mintaqa bozorlariga chiqishdagi strategik geografik joylashuvini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi tomoni Venesuela delegatsiyasini 2025-yil
10–12 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan
IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumida ishtirok etishga taklif etdi.