Joriy yilning 19-may kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi Avstriya Respublikasining Moliya vaziri o‘rinbosari Andreas Rayxardt boshchiligidagi davlat muassasalari hamda xususiy kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar energetika, mashinasozlik, transport infratuzilmasi va xomashyoni qayta ishlash sohalarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, tenderlarda ishtirok etish mexanizmlari, shuningdek xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Agentlik rahbariyati Avstriya tomonini 2025-yil 10–12-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etdilar.