O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarini jalb etish agentligi va Singapurning Enterprise Singapore va Surbana Jurong tashkilotlari o’rtasida uchrashuv bo’lib o‘tdi.
Ma'lumot uchun:
Enterprise Singapore — Singapur kompaniyalarini global bozorlarga olib chiqish va qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan davlat agentligi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 37 ta vakolatxonlarga ega.
Surbana Jurong — muhandislik va konsalting sohasida yirik kompaniya bo‘lib, 10 ta sho‘ba korxonasi bilan yagona brend ostida ishlaydi. Uning tarkibiga kiruvchi SMEC kompaniyasi Markaziy Osiyodagi infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etmoqda.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasida biznes muhitini yaxshilash va iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sishiga xizmat qiluvchi tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Jumladan, energetika, transport va sog‘liqni saqlash sohalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, shaharsozlik tashabbuslari, ayniqsa “Yangi Toshkent” loyihasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu loyiha keng ko‘lamli uy-joy, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishga tayyorgarlik jarayoni yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.