Joriy yilning 19-iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning tashrifi doirasida Dubay Savdo-sanoat palatasi tomonidan Dubay – O‘zbekiston biznes seminari tashkil etildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining davlat idoralari hamda ishbilarmon doiralari vakillarini bir platformada birlashtirib, yuzdan ortiq ishtirokchini o‘zida jamladi.

Shuningdek, ushbu tadbir Dubayda O‘zbekiston kompaniyalarining ishtiroki tobora kengayib borayotganini ochiq namoyon etdi. 2024-yil yakuniga ko‘ra, Dubay Savdo-sanoat palatasida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekistonlik kompaniyalar soni 700 dan oshib, bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 34,5 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, 2025-yilning birinchi choragida 60 dan ortiq o‘zbek kompaniyalari Dubay Savdo-sanoat palatasi a’zoligiga qabul qilindi.

Bundan tashqari, seminar davomida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi rahbari Mansurjon Rasulev mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar va xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida taqdimot qildi.