Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iboratdir.

Koreya importchilar assotsiatsiyasi (KOIMA - Korea Importers Association) 1970-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Janubiy Koreyadagi turli sohalardagi importchilarni birlashtirgan eng yirik uyushma hisoblanadi. KOIMA Koreyaning xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarini, ayniqsa tovar va xizmatlar importi sohasida qoʻllab-quvvatlaydi va rivojlantiradi. Tashkilot importni kengaytirish va diversifikatsiya qilishni faol ravishda qo'llab-quvvatlaydi va Koreya kompaniyalariga butun dunyo bo'ylab yangi etkazib beruvchilarni topishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohrux Gulamov, Koreya importchilar uyushmasi raisi Kim Byon Kvan, shuningdek, Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon so‘zga chiqdi. Ular ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga sobitligini bildirdilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yetti yilda 2 barobardan ziyodga oshib, 2017-yildagi 1,4 milliard dollardan 2023-yilda 2,34 milliard dollarga yetgani ta'kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2019-yildagi 359 tadan 2024-yilda 670 taga yetdi. Koreyaning Oʻzbekistonga kiritgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarining hajmi 7,3 milliard dollardan oshdi. Oʻzbekistonda Janubiy Koreya kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 8,8 milliard dollarlik 60 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Asosiy qismda ishtirokchilar kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoatidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Ikki davlat tadbirkorlari ilk bor marketing tadqiqotlari natijalari va tavsiyalarini birgalikda ko‘rib chiqdilar. Xususan, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga to‘qimachilik va charm mahsulotlari (284 million dollar), kimyo mahsulotlari (200 million dollar), rangli metallar (200 million dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (153 million dollar) va boshqa mahsulotlar eksportini oshirish imkoniyatlari belgilandi.

Tadbir ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi va B2B muzokaralari bilan yakunlandi, unda aniq loyihalar va salohiyatli investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi.