Urgench xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha e’lon qilingan tenderda Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.

2024-yilning 1-avgustida e’lon qilingan ushbu tenderda jami sakkizta xorijiy kompaniya ishtirok etib, ulardan beshtasi yakuniy bosqichga yetib keldi. Idoralararo tender komissiyasi texnik salohiyat, tajriba va boshqa mezonlarga ko‘ra Janubiy Koreya kompaniyasini eng munosib nomzod deb topdi.

Incheon International Airport Corporation yo‘lovchi va yuk terminalini to‘liq modernizatsiya qilib, yerda ko'rsatiladigan xizmatlarni ham o‘z zimmasiga oladi. Aerodrom infratuzilmasi — uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron va boshqa asosiy obyektlar esa davlat tasarrufida qoladi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan boshqariladi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-sonli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda va “Uzbekistan Airports” AJ, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Loyihaning amaliy bosqichini boshlash sifatida 19 yillik konsessiya muddatini o‘z ichiga olgan DXSh shartnomasi imzolanadi.

Ma’lumot uchun:

Incheon International Airport Corporation Janubiy Koreyaning eng yirik aeroportini boshqaradi hamda dunyodagi eng band va texnologik jihatdan ilg‘or aeroportlar qatoriga kiradi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, aeroportning yo‘lovchi oqimi 70 million kishidan oshdi.

Manba: Uzbekistan Airports rasmiy veb-sayti