2025-yil 22-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi vakillari E20 Investment kompaniyasi (BAA) va uning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan sho‘ba korxonasi – Agritek bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bugungi kunda Agritek kompaniyasi tomonidan Andijon viloyatida 470 gektar yer maydonida gilos, golubika va uzum yetishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha mintaqada zamonaviy bog‘dorchilikni rivojlantirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan. Kompaniya ushbu loyihada to‘liq mexanizatsiyalashgan hosil yig‘im-terim tizimini va rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or dehqonchilik amaliyotlarini joriy etmoqda. Shuningdek, suvdan samarali foydalanish va tuproqni muhofaza qilishga asoslangan barqaror biznes modelini tatbiq etish orqali ekologik muvozanatni saqlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda baliqchilik, chorvachilik, va oziq ovqat mahsulotlarni qayta ishlash sohalardagi mavjud salohiyat, investitsiya imkoniyatlari va tartibga soluvchi huquqiy baza bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etishga kelishildi.
Ma’lumot uchun: E20 Investment kompaniyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning 12 ta sho‘ba korxonasi mavjud bo‘lib, u 5 ta davlatda faoliyat olib boradi. Bugungi kunga kelib, E20 Investment 5000 gektardan ortiq yer maydonlarida zamonaviy dehqonchilikni yo‘lga qo‘ygan va 1000 dan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan.