2025-yil 15-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida BancTrust & Co. Investment Bank (BancTrust) bankining qarz bozorlar departamenti ijrochi direktori Ishil Chag‘layan va boshqaruv direktori Robert Fernandes bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida davlat korxonalari va xususiy sektorga mo‘ljallangan qarz va aralash moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. BancTrust rivojlanayotgan bozorlardagi muvaffaqiyatli loyihalari haqida ma’lumot berdi. Xususan, O‘zsanoatqurilishbanki uchun yevrobondlar emissiyasi, Istanbul shahar hokimiyati va yirik turk kompaniyalari uchun xususiy kreditlash bitimlari kabi tajribalari bilan bo‘lishdi. Shuningdek, O‘zbekistonga qiziqish bildirayotgan xalqaro fondlar uchun mo‘ljallangan investitsiya mahsulotlari ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Agentlik, o‘z navbatida,  O‘zTMK, OKMK, NKMK kabi mamlakatning yirik kompaniyalari hamda xususiy sektor tomonidan taklif etilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumotlar taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga, jumladan, Agentlik tomonidan tashkil etiladigan xalqaro “road show” va investitsiya tadbirlari doirasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun:

BancTrust – 1995-yilda Londonda tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanayotgan bozorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan. Bank qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar, moliyalashtirish va investitsion tadqiqot, korporativ va investitsiya xizmatlarini taklif etadi.