Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi Avstraliyaning yetakchi toza energiya infratuzilmasi ishlab chiquvchisi Allied Green Ammonia (AGA) kompaniyasi bilan O‘zbekistonda qiymati 5,5 milliard AQSh dollariga teng yashil karbamid va barqaror aviayoqilg‘i (SAF) ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yirik loyihani birgalikda o‘rganish bo‘yicha Anglashuv Memorandumini imzoladi.
Mazkur hujjat Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan XIV Yillik investitsiyaviy majlis (AIM Congress 2025) doirasida imzolanib, O‘zbekistonning barqaror sanoat rivoji bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Imzolangan Memorandum doirasida tomonlar yagona integratsiyalashgan “yashil” energiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Ushbu loyiha yiliga 800 ming tonna yashil karbamid, 350 ming tonna barqaror aviayoqilg‘i (SAF) va 35 ming tonna yashil dizel ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, loyiha doirasida kuniga 6 000 tonnagacha biomassa va 4 GVtgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish rejalashtirilgan. Umumiy maydoni 7 000 gektarni tashkil etuvchi majmua ilg‘or texnologiyalar asosida barpo etilishi va 5,5 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansurjon Rasulev O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq strategik investitsiyalarni jalb etishdagi qat’iy pozitsiyasini ta’kidladi:
“Allied Green Ammonia bilan tuzilgan ushbu Memorandum O‘zbekistonning “yashil” sanoatlashtirish va global toza energiya bozoriga kirib borish sari qo‘ygan muhim qadamidir”.
AGA kompaniyasi Boshqaruv raisi va direktori Alfred Benedikt tomonlar o‘rtasidagi umumiy qarashlarga urg‘u berib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Bu keng qamrovli yashil karbamid va SAF tashabbusini o‘rganish borasida O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganimizdan mamnunmiz. Mamlakat strategik joylashuvi, boshqaruv tizimi va qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi izchil islohotlari tufayli barqaror va ekologik toza infratuzilmani rivojlantirish uchun barcha sharoitlarga ega”.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning global dekarbonizatsiya jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlab, innovatsiyalar, sirkulyar iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi yetakchiligini namoyon etadi.
Ma’lumot uchun: AGA – dunyodagi eng yirik yashil ammiak va vodorod ishlab chiqarish majmualarini barpo etishga qaratilgan Avstraliya kompaniyasidir. AGA tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar barqaror energiya infratuzilmasini rivojlantirish va dunyo miqyosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni ta’minlashga qaratilgan.
.jpg)