IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumining (TXIF) ochilishiga sanoqli kunlar qolgan bir vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi mamlakatimizdagi eng yirik investitsiya tadbirining rasmiy homiylarini e’lon qilishdan mamnun.

Joriy yilning 9–12-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi O‘zbekistonning ochiq, barqaror va istiqbolli iqtisodiy siyosatini, shuningdek, ishonchli hamkor sifatidagi xalqaro mavqeini yana bir bor yaqqol namoyon etadi. Forum homiylari qatorida yirik xalqaro va mahalliy kompaniyalar, moliya institutlari hamda turli sohalardagi yetakchi korxonalar mavjud. Ularning faol ishtiroki mamlakatimizda qulay va raqobatbardosh investitsiya muhitini shakllantirish, shuningdek, mavjud iqtisodiy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 “Platinium” toifasidagi homiylar:

  • Uzum – O‘zbekistonning yetakchi raqamli ekotizimini yaratgan kompaniya bo‘lib, elektron savdo, fintex va bank xizmatlarini yagona platformada birlashtirgan.
    2024-yilda Uzum 100 million AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb etib, Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron savdo logistik markazini ishga tushirdi. Kompaniya xizmatlaridan har oy 17 milliondan ortiq iste’molchi foydalanadi.

  • ACWA Power – ACWA Power – O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi yetakchi va strategik investori hisoblanadi. 2024-yil davomida kompaniya umumiy qiymati 3 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan bir qator yirik loyihalarni amalga oshirdi. Ular qatoriga Bash va Jankeldi hududlarida 1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari, Samarqand-1 va Samarqand-2 quyosh fotoelektr stansiyalari va ularga integratsiyalashgan energiya jamg‘arish tizimi (mos ravishda 1000 MVt va 1000 MVt⋅soat), shuningdek, Toshkent shahrida quvvati 500 MVt⋅soatga teng BESS (batareya energiyasi saqlash tizimi) loyihalari kiradi.

  • KOC Construction – Turkiyaning muhandislik va qurilish kompaniyasi bo‘lib, Toshkent–Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘lini qurish va Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish loyihalarida ishtirok etmoqda.

  • Yandex Uzbekistan – 2018-yildan buyon O‘zbekistonda raqamli xizmatlarni, jumladan, taksi, oziq-ovqat yetkazib berish, bulutli va geolokatsiya texnologiyalari, shuningdek ta’lim va ko‘ngilochar loyihalarni joriy etib, mamlakatda raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

“Gold” toifasidagi homiylar:

  • Vision Invest – Saudiya Arabistonining yetakchi investitsiya kompaniyasi bo‘lib, Mamlakatimizda infratuzilma sohasidagi o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Kompaniya Transport va infratuzilma sohasidagi Davlat hususiy sheriklik loyihalarini hukumat bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

  • OTP Group – Vengriyaning eng yirik tijorat banki 2023-yilda Ipoteka Bankining 73,71% aksiyalarini xarid qilib, O‘zbekiston bozoriga kirib keldi. Bu mamlakatda xorijiy investor ishtirokida amalga oshirilgan birinchi yirik bank xususiylashtirish loyihasi bo‘ldi.

  • RWB (Wildberries) – Xalqaro elektron savdo platformasi sifatida, 2022-yildan boshlab O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini izchil kengaytirib kelmoqda. So‘nggi davrda O‘zbekiston mahsulotlarining platformadagi savdo hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshdi, mahsulotlar assortimenti esa 45 foizga kengaydi. Shuningdek, Toshkentdagi logistika markazi uch baravar kengaytirilib, bugungi kunda kuniga 100 000 ta buyurtmani qayta ishlash imkoniyatiga ega zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘ldi.

“Silver” toifasidagi homiylar:

  • TBC Uzbekistan – London fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan TBC Bank Group tarkibiga kiradi va Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimidir. Kompaniya mintaqaning yosh va texnologiyaga oid bilimga ega aholisi orasida raqamli moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabni qondiradi. Uning uchta yuqori o‘sishga ega fintech kompaniyalari - TBC UZ (O‘zbekistonning eng yirik raqamli banki), Payme (to‘lovlar) va Payme Nasiya (bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati.

  • DataVolt – Saudiya Arabistonining ma’lumot markazlari barpo etish sohasida faoliyat yurutuvchi kompaniyasi bo‘lib, Toshkentdagi IT-Parkga 200 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritmoqda va hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 5 milliardgacha oshirishni rejalashtirilgan.

  • Miahona – 2008-yildan buyon faoliyat yurituvchi Saudiya kompaniyasi bo‘lib, Davlat hususiy sheriklik mexanizmlar asosida suv ta’minoti va suv infratuzilmasini rivojlantirishga ixtisoslashgan. Hozirda O‘zbekistonda suv tozalash va ta’minot tizimlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

  • UzOman Investment Company – O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan strategik investitsiya fondi. Hozirgi kunda kompaniyaning ustav kapitali 200 million AQSh dollarini, boshqaruvidagi aktivlar hajmi esa 280 million AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi.

  • AKSA Enerji – Turkiyaning energetika sohasi vakili bo‘lgan kompaniya hozirda Toshkent viloyatida 240 MVt quvvatga ega zamonaviy gaz elektr stansiyasini qurmoqda. Shu bilan birga, kompaniya qayta tiklanuvchi energiya, jumladan, quyosh energetikasi yo‘nalishida ham istiqbolli loyihalar ustida ish olib bormoqda

  • StoneX – fyucherslar va tovar shartnomalarini xedjerlashga ixtisoslashgan. Kompaniya Fortune 50 ro‘yxatiga kiruvchi yetakchi ochiq savdoga chiqarilgan moliyaviy institutlardan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘yicha 54 000 dan ortiq institutsional, tijorat va to‘lov mijozlariga, shuningdek, 260 000 dan ortiq mustaqil boshqaruvdagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

  • Halyk Bank – Qozog‘istonning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirishga faol hissa qo‘shib kelmoqda. 2019 yilda bank O‘zbekistonda o‘zining 100 foizlik sho‘ba korxonasi – Tenge Bankni tashkil etgan.

  • Yevropa investitsiya banki – infratuzilmaning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslarni moliyalashtirish orqali O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda bank Toshkent shahrida jamoat transportini modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim loyihani amalga oshirishda ham hamkorlik qilmoqda.

  • Squire Patton Boggs – xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi yetakchi yuridik firmalardan biri bo‘lib, O‘zbekiston bozorida investitsiya loyihalarini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida boy tajribaga ega. Jumladan, kompaniya mutaxassislari Fransiyaning Veolia kompaniyasiga Toshkent shahrida qiymati 1,36 milliard yevro bo‘lgan markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasida huquqiy maslahat xizmatlarini ko‘rsatgan.

  • PwC – 1995-yildan buyon O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan xalqaro konsalting kompaniyasidir. Mazkur kompaniya konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish orqali mamlakatning institutsional rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Shu bilan birga, IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumining rasmiy media-hamkorlari qatorida xalqaro telekanallar – CNN va Euronews alohida o‘rin tutadi. Jumladan, CNN’ning mashhur jurnalisti Richard Kvest boshchiligidagi “Quest Means Business” dasturi hamda Euronews telekanali orqali forum keng yoritiladi. Ushbu xalqaro axborot maydonidagi ishtirok O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiy markaz sifatidagi zamonaviy qiyofasini dunyo hamjamiyatiga namoyish etishga xizmat qiladi.