2025-yil 10-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Janubiy Koreyaning yetakchi sanoat kompaniyalaridan biri — KCC Corporation va uning O‘zbekistondagi hamkori KCC Uzbekistan vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Agentlik direktori, “Jizzax” EIZ direksiyasi rahbari hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi vakili ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun:

KCC Corporation — 1958-yilda tashkil etilgan bo‘lib, turli xil bo‘yoqlar, issiqlik izolyatsiya materiallari, shisha va oynalar, silikon mahsulotlar, avtomobil qismlari va boshqa sanoat materiallari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning nafaqat Osiyoda balki Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida jami 7 ta sho‘ba korxonalari mavjud bo‘lib, kompaniya mahsulotlari 80 dan ortiq davlatlarga eksport qilinadi.

Uchrashuv davomida KCC Corporation vakillari O‘zbekistonda mashinasozlik sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, mamlakat hududida bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha sarmoya kiritish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Tomonlar investitsiya imkoniyatlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish shartlari va taqdim etiladigan imtiyozlar yuzasidan axborot almashdi hamda ehtimoliy hamkorlik yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish uchun muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.