2025-yil 14-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Yaponiyaning MITSUI & Co. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jumladan, parrandachilik, sanoat va energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Yapon tomoni O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimi asosida parrandachilik klasteri tashkil etish loyihasiga qiziqish bildirdi.

Agentlik o‘z navbatida mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, maxsus iqtisodiy zonalardagi preferensiyalar haqida ma’lumotlar taqdim etdi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

MITSUI & Co. kompaniyasi Agentlik bilan hamkorlikda Oʻzbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirish istagi borligini maʼlum qildi.

Ma’lumot uchun:
MITSUI & Co. — 1947-yilda tashkil etilgan koʻp tarmoqli savdo-sanoat korporatsiyasi boʻlib, dunyoning 60 dan ortiq davlatida faoliyat yuritadi. Kompaniya energetika, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, infratuzilma, moliya sohalarida turli loyihalarni amalga oshiradi.