O‘zbekiston Respublikasi investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil va tizimli choralarni amalga oshirishni davom ettirmoqda. Shu doirada, joriy yilning iyun–iyul oylarida biznes muhitini yanada yaxshilash hamda investitsiya jarayonlarini faollashtirishga qaratilgan bir qator yangi tashabbuslar qabul qilindi.

1. “Yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash

Joriy yilning 18-iyunidan boshlab Vazirlar Mahkamasining ““Yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori kuchga kirdi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2030-yilga kelib ekologik toza mahsulotlar xaridlarining ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2026-yildan boshlab esa ayrim tovar guruhlari (go‘sht, sut mahsulotlari, to‘qimachilik, qadoqlash, mebel va boshqalar) bo‘yicha ekologik mezonlar majburiy tarzda tatbiq etiladi.

Qarorning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

  • Ekologik markirovkaga ega bo‘lgan davlat xaridlari ishtirokchilariga vositachilik yigimi miqdoriga nisbatan 30 foiz chegirma beriladi hamda ular tomonidan qo‘shimcha zakalat mablag‘lari kiritish talab etilmaydi.

  • Davlat buyurtmachilari ekologik markirovkalash hujjatiga ega ishtirokchilarning takliflarini ustuvor tartibda ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

2. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish

Joriy yilning 23-iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, ustuvor tarmoqlar ro‘yxati yangilandi va soliq imtiyozlari beriladigan hududlar kengaytirildi:

  • Soliq imtiyozlari (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar hajmiga qarab yer solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda suv resurslaridan foydalanish solig‘idan ozod etish) endilikda Toshkent viloyatining 4–5-toifadagi tumanlariga (Bekobod, Bo‘ka va Piskent) ham tatbiq etiladi.

  • Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish sohasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilib, ushbu sohada xorijiy xususiy investitsiyalar oqimini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, investitsiya hajmiga mutanosib tarzda yer solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda suv resurslaridan foydalanish soliqlaridan ozod etish kabi imtiyozlar tatbiq etiladi.

  • Chorvachilik sohasiga ozuqabop ekinlarni yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga olti oy muddatda qaytarish sharti bilan har bir gektariga 15 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada (shundan 2 foizi bank marjasi) imtiyozli kredit mablag‘lari ajratiladi.

3. Ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va soliq imtiyozlarini kengaytirish

Joriy yilning 26-iyunida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun quyidagi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • Soliq ofseti: soliq to‘lovchining arizasiga asosan, ortiqcha to‘langan soliq summalari 3 ish kuni ichida mavjud qarzdorlik yoki boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga o‘tadi.

  • “Mahalla servis” kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash: aholi uchun pullik ijtimoiy xizmatlar va obodonlashtirish ishlarini amalga oshiruvchi “Mahalla servis” kompaniyalari daromad solig‘idan, shuningdek, xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalari yer solig‘idan ozod etiladi. Bu korxonalar xodimlarining ish haqlaridan jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi ushlab qolinmaydi.

  • Avtomatlashtirilgan jarayonlar: joriy yilning oktyabr oyidan boshlab qishloq va baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

  • Qo‘shimcha imtiyozlar: Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari hamda ushbu sanoat zonalarida tashkil etilgan korxonalar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan 2025-yil 1-yanvardan e’tiboran 2026-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda ozod etiladi.

4. Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish

Joriy yilning 8-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni kuchga kirdi. Ushbu hujjat O‘zbekistonning Parij kelishuvi doirasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish mexanizmlarini belgilaydi. Xususan, mamlakat 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foizga qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatining to‘liq bajarilishini ta’minlash.

Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

Uglerod birliklarining (ITMO) 80 foizi xalqaro bozorga yo‘naltiriladi, bundan davlat ishtirokida davlat buyurtmasi yoki DXSh loyihalari amalga oshirilgan birliklar mustasno;

Qolgan 20 foiz birliklar O‘zbekistonning chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha milliy majburiyatlarini bajarish uchun saqlanadi va xalqaro bozorda sotilmaydi (overselling xavfini kamaytirish maqsadida);

2026-yildan boshlab, xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida Milliy uglerod birliklari reyestrini ish boshlaydi.

Manbalar:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 371-sonli qarori

  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-97-sonli farmoni

  3. O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi O‘RQ-1071-sonli qonuni

  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi PF-110-sonli farmoni