O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi AIM Global Foundation rahbariyati, Daniya Eksport-investitsiya jamg‘armasi vakillari, shuningdek Invest Qatar va Qatar Development Bank delegatsiyalari hamda Malayziya kompaniyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

AIM Congress bilan uchrashuv

2025-yil 18-sentabr kuni Agentlik direktori v.b. Mansurjon Rasulev AIM Global Foundation prezidenti va AIM Congress tashkiliy qo‘mitasi raisi Davud Al Shezavi bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida AIM Congress doirasida “Uzbekistan Investment Forum” maxsus sessiyasini tashkil etish, shuningdek AIM Congress va Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar energetika, sanoat va innovatsiyalar kabi ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Daniya Eksport-investitsiya jamg‘armasi (EIFO) bilan muzokaralar

2025-yil 23-sentabr kuni Daniya Eksport-investitsiya jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida yirik kompaniyalar bilan hamkorlik bo‘yicha direktor Jakob Pilegaard Hansen energetika va oziq-ovqat sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, logistika, axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohalarida, xususan, IT Parkni rivojlantirish va zamonaviy data-markazlarini tashkil etishda investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. EIFO vakillari O‘zbekistonda yangi hamkorlar va investorlarni jalb qilish maqsadida Daniyada taqdimot tadbiri tashkil etishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdilar.

Invest Qatar va Qatar Development Bank bilan hamkorlik

2025-yil 24-sentyabr kuni Invest Qatar va Qatar Development Bank delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Suhbatda infratuzilma, energetika, tog‘-kon sanoati, raqamli iqtisodiyot, logistika, shuningdek oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati sohalarida hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Invest Qatar vakillari yirik korporatsiyalar va kichik hamda o‘rta biznes subyektlarini jalb qilishga tayyor ekanini, bu borada Qatar Chamber, Qatar Businessmen Association hamda Qatar Development Bank bilan hamkorlik o‘rnatishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Malayziya–O‘zbekiston biznes alyansi (MUBA) bilan muzokaralar

2025-yil 25-sentabr kuni Agentlik rahbariyati tarkibida Perbadanan Nasional Berhad (PERNAS), SME Corporation Malaysia, Serai Group, Nimroc, Bonda Kiddo va boshqa yetakchi kompaniyalar vakillari bo‘lgan Malayziya–O‘zbekiston biznes alyansi (MUBA) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Malayziya tadbirkorlari O‘zbekistonda restoranlar va tez ovqatlanish punktlarini ochish, shuningdek, islomiy ta’lim modeli asosida zamonaviy ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarga katta qiziqish bildirdilar.

Ma’lumot uchun:

AIM Congress (Annual Investment Meeting Congress) – AIM Global Foundation tashabbusi bo‘lib, dunyo iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha mustaqil xalqaro tashkilot hisoblanadi. Kongress xorijiy investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, strategik hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, barqaror rivojlanish va innovatsiyalar masalalari yuzasidan ochiq muloqot olib borish uchun muhim xalqaro platforma vazifasini bajaradi.

Daniya Eksport-investitsiya jamg‘armasi – Daniya davlat jamg‘armasi bo‘lib, kompaniyalarga eksport va investitsiya faoliyatida ko‘mak ko‘rsatadi, kredit va investitsiyalar uchun kafolatlar taqdim etadi hamda biznes uchun xavflarni kamaytiradi. Fond istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan mudofaa texnologiyalari va qayta tiklanuvchi energetikani moliyalashtiradi.

Invest Qatar – Qatar milliy investitsiya agentligi bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishni maqsad qilgan. Agentlik investorlarni imkoniyatlarni o‘rganishdan tortib loyihalarni kengaytirishgacha hamrohlik qiladi.

Qatar Development Bank – Qatar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy moliya muassasalaridan biri. Bank sanoat, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda innovatsion loyihalarni moliyalashtiradi hamda tadbirkorlikni rag‘batlantiradi.

Malayziya–O‘zbekiston biznes alyansi (MUBA) – ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik uchun platforma.