Mazkur sessiyada qayta tiklanuvchi energetika sohasining yetakchi xalqaro kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Jumladan, “Goldwind” kompaniyasi raisi Vu Gang, “AMEA Power” kompaniyasi raisi Hussain Al Nuvais, “EDF Renouvelables” xalqaro operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Sedrik le Buss, “ACWA Power – Markaziy Osiyo” prezidenti Abid Malik hamda “Masdar” (Abu Dhabi Future Energy Company) investitsiyalar bo‘yicha direktori Rafael Barrolar o‘z qarash va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Igor Alekseev moderatorligida o‘tgan muhokamada sohani to‘liq modernizatsiya qilish uchun 2035-yilgacha xususiy va ko‘p tomonlama moliyalashtirish manbalari hisobidan 50 milliard AQSH dollarigacha investitsiya zarurligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Muloqot davomida “ACWA Power – Markaziy Osiyo” prezidenti Abid Malik quyidagicha fikr bildirdi: “Bugun bu yerda O‘zbekistondagi eng yirik investorlar jam bo‘lgan. Ularning bu yerga sarmoya kiritayotganining bosh sababi — Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil islohotlar va sodiq strategik yo‘nalishlardir.”

Panel sessiya davomida O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida siyosiy tashabbuslarni amaliy natijalarga aylantirish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va yondashuvlar yuzasidan ochiq, samarali va istiqbolli muloqot olib borildi.