Mazkur panel sessiyasida kichik va o‘rta biznes sektorining rivojlanish istiqbollari, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli qo‘llab-quvvatlash choralarining samaradorligi, raqamli yechimlarning joriy etilishi hamda ushbu soha bo‘yicha investorlar e’tiborining ortib borayotgani atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyotida alohida o‘rin tutayotgan kichik va o‘rta biznes korxonalari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 53 foizini ta’minlab, barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim harakatlantiruvchi omillaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, sessiyada Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) Moliya institutlari guruhi bo‘yicha mintaqaviy menejeri Youssef Habesch moderatorlik qildi. Bundan tashqari TBC UZ bosh direktori Nukri Tetrashvili, Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Xususiy sektor operatsiyalari departamenti portfelni boshqarish bo‘limi direktori Marife Apilado, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) kichik biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Simone Zeh Atanasovski, Uzum kompaniyasining operatsion direktori Roman Lavrentev hamda Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Sanzhar Bolotov o‘z qarashlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir davomida Simone Ze Atanasovski kichik va o‘rta biznes sektorida mavjud muammolarga e’tibor qaratdi. U moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklangani, ayniqsa agro-sanoat yo‘nalishida iqlimiy xavf-xatarlarning ortib borayotgani ushbu sohadagi mavjud muammolarni yanada chuqurlashtirayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Nukri Tetrashvili raqamli bank xizmatlari moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etishda samarali yechim bo‘layotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TBC bankining ustuvor vazifasi — turli yosh guruhlari va ehtiyojlarga moslashtirilgan, qulay va sodda moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishdan iborat.

Muhokamalar yakunida kichik va o‘rta biznes sohasi barqaror iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Shu bilan birga, xalqaro investorlar tomonidan ushbu segmentga ortib borayotgan qiziqish alohida e’tirof etildi.