Joriy yilning 2–3 sentabr kunlari Belarusning Vitebsk shahrida “Belarus – O‘zbekiston: hamkorlik barqaror rivojlanish omili sifatida” mavzusiga bag‘ishlangan III Belarus–O‘zbekiston ayollar biznes-forumi o‘tkazildi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Senatining Raisi Tanzila Norboyeva boshchilik qildi.

Forum dasturi doirasida yalpi majlis hamda yetti yo‘nalish bo‘yicha tematik sessiyalar tashkil etildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning muhim sohalari – yengil sanoat, mashinasozlik, turizm, ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash, agro-sanoat, yoshlar siyosati va hududiy rivojlanish masalalari muhokama qilindi.

“Mashinasozlik kompleksi sohasida hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi sessiyada Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktor o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor O‘zbekistonning investitsiyaviy muhitiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi. R.Nesor Belarus bilan amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalarni alohida qayd etilib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va qurilish sohalarini qayd etdi.

Mazkur forum ikki davlat vakillari uchun tajriba almashish, biznes aloqalarni mustahkamlash va yangi loyihalarni muhokama qilishda samarali maydonga aylandi. Tadbir yakunida tomonlar iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirish niyatlarini bildirdilar.