2025-yil 24–25 sentabr kunlari Toshkent shahrida “Farma O‘zbekiston va Markaziy Osiyo”
IV Xalqaro kongress va ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbirda investorlar, yirik loyihalar tashabbuskorlari, xalqaro ekspertlar va Tashkent Pharma Park, Dora Line, Kusum Uzbekistan, Nika Pharm, Lafz, Immunomed, Ziyo Nur Pharm, Unimed Pharmaceuticals kabi 300 dan ortiq farmatsevtika kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ochib berdi. O‘z nutqida farmatsevtika sohasi salohiyatini yoritib, ishlab chiqarishni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi keng imkoniyatlarni ta’kidladi. Shuningdek, joriy yilning yanvar–avgust oylarida sohaga 290 million AQSh dollaridan ortiq investitsiyalar jalb qilingani, shundan 262,7 million dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelganini qayd etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarini jalb etish agentligi direktor o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor mamlakatning investitsiyaviy muhiti haqida nutq so‘zladi.

Kongress doirasida farmatsevtika sanoatiga oid 20 dan ortiq yirik loyiha taqdim etilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, amaldagi korxonalarni modernizatsiya qilish va shaxsiylashtirilgan tibbiyot yondashuvini joriy etish masalalari muhokama qilindi.