Joriy yilning 7 aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Belgiyaning Ahlers Logistics kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Ahlers Logistics kompaniyasi Yevropa Ittifoqi, MDH mamlakatlari, shuningdek, yaqin va uzoq xorijdagi tashqi savdo yuklarini tashish va ekspeditsiya qilish bo‘yicha transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniyaning Turkiya, Xitoy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida o‘z vakolatxonalari mavjud.

Uchrashuv davomida Agentlik tomonidan xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatdagi investitsion muhit hamda Agentlik faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Kompaniyaning Bosh direktori D. Dyuponsel O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi. Xususan, Toshkent shahri yaqinida zamonaviy omborxona majmuasi yoki logistika terminali barpo etish istiqbollari bilan qiziqishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Agentlik vakillari Ahlers Logistics kompaniyasini joriy yilning 10–12 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildilar.