7–8-aprel kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtgan XIV Yillik Investitsiya Kongressi (AIM Congress 2025) doirasida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Delegatsiya ishtirokining muhim bosqichlaridan biri sifatida Agentlik direktori Mansurjon Rasulevning “Osiyo mintaqaviy forumi: Osiyodagi qo‘shilgan qiymat zanjirlariga investitsiyalar — barqaror rivojlanish uchun strategiyalar va imkoniyatlar” mavzusidagi panel sessiyasida so‘zga chiqishi bo‘ldi. O‘z nutqida direktor Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdagi strategik rolini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, sessiya davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar muhokama qilindi.

Kongress doirasida bir qator kompaniya va xalqaro tashkilotlar — jumladan, The International Chamber of Commerce – UAE, Abu Dhabi Chambers, Exits MENA, Abu Dhabi Investment Office, FDI Center, Financial Times, Union of Arab Chambers, Ozarbayjon KOBİA agentligi, Gulf Business Consulting, TradeInvest, 1K Leaders va Startup House vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, UN ESCAPning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar dasturi rahbari Xezer Teylor-Strass bilan Agentlik salohiyatini mustahkamlash hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha samarali strategiyalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi. Mazkur yo‘nalishda xalqaro ekspertlarni jalb etishga kelishildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning BAAdagi Elchixonasi ko‘magida Avstraliyaning Allied Green Ammonia Pty Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi o‘tkazildi. Mazkur hujjat ekologik toza aviayoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Tashrif yakunida delegatsiya jahon iqtisodiy forumi va Islom savdoni rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etilgan, Jahon savdo tashkilotining investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kelishuvini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida ham ishtirok etdi.