2025-yil 29-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar mintaqalari Forumi tashkil etildi. Unda MDHga a’zo davlatlarning vakillik delegatsiyalari hamda Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. J. Xo‘jayev o‘z nutqida MDH mintaqalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhimligini, shuningdek ishonch va manfaatdorlik asosidagi sheriklik MDH makonida iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra tashqi savdo aylanmasi 23 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘pdir. Hozirda O‘zbekiston hududida MDH davlatlari kapitali ishtirokidagi 5,5 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, MDHning turli hududlarida yirik qo‘shma investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tadbir doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat almashinuvi marosimi o‘tkazilb, iqtisodiyot, gumanitar hamkorlik hamda MDH yagona iqtisodiy makonini shakllantirishdagi savdo-sanoat palatalarining o‘rni kabi mavzularga bag‘ishlangan uchta tematik panel sessiyasi tashkil etildi.
Forum yakunida a’zo davlatlar biznes vakillari va mintaqaviy hokimiyat organlari o‘rtasida ikki tomonlama B2B va G2B uchrashuvlar o‘tkazildi.




