Joriy yilning 11-iyun kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi BAAning JLL kompaniyasi bilan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sherikchilik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzoladi.
Unga ko‘ra, JLL muntazam ravishda O‘zbekistonga soha ekspertlarini yuborib, manfaatdor tomonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi hamda investitsiya masalalarida strategik ko‘rsatmalar beradi. Kompaniya shuningdek, belgilangan ustuvor sohalarga qaratilgan sarmoyadorlar uchun materiallar va targ‘ibot hujjatlarini birgalikda ishlab chiqadi.
JLLning Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha direktori Mireille Azzam quyidagilarni ta’kidladi: “Markaziy Osiyodagi rivojlanayotgan bozorlar qatorida strategik o‘sish imkoniyatlarini izlayotgan xorijiy investorlar uchun O‘zbekiston katta ochilmagan salohiyatga ega.”
Ma’lumot uchun: JLL Fortune 500 ro‘yxatiga kirgan dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, tijorat, sanoat, mehmonxona, turar-joy va chakana savdo obyektlarini xarid qilish, qurish, boshqarish va ularga sarmoya kiritishda ko‘maklashadi. Yillik daromadi 20,8 milliard dollarni tashkil etib, 80 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.