2025-yil 10-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Bart kompaniyasi bosh direktori Pyotr Petrushinskiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv fevral oyida boshlangan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonda meva va sabzavotlarni sublimatsiya usulida qayta ishlash zavodini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasiga bag‘ishlandi.

Loyiha infratuzilma va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: Bart 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 30 yildan ortiq tajribaga ega kompaniyadir. Kompaniya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorida faoliyat yuritadi hamda Osiyo va Shimoliy Afrika davlatlari bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili tomonidan ushbu sohadagi mahalliy xomashyo yetkazib beruvchilar hamda qo‘shilgan qiymat zanjirlari bo‘yicha axborot taqdim etildi.

Agentlik loyiha bo‘yicha keyingi bosqichlarda ham kompaniyaga axborot ko‘magini ko‘rsatish va har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.