2025-yil 11-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Jahon bankining “Markaziy Osiyoda savdo integratsiyasi” loyihasi doirasida Toshkentga tashrif buyurgan delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Ushbu tashrif Jahon banki tomonidan olib borilayotgan tahliliy ishlar doirasida amalga oshirilmoqda va respublikaning yetakchi vazirliklari, idoralari hamda xususiy sektor vakillari bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor O‘zbekistonning investitsiya siyosati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha strategik chora-tadbirlarga, shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishining iqtisodiy ta’sirlariga qaratildi.
Tomonlar investitsiya jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimining amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu bitim qulay investitsion muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Agentlik rahbariyati tomonidan mamlakatda olib borilayotgan investitsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, institutsional islohotlar va xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning global va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlariga yanada integratsiyalashuviga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

