2025-yil 20-may kuni Bokuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChBK) doirasidagi Ishbilarmonlar kengashining VIII yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda a’zo davlatlarning, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi rahbariyati ishtirok etdi.

Majlisda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, uni global ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyot va raqamlashtirish jarayonlarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda onlayn tarzda ishtirok etgan Agentlik direktor vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshganini, bu esa tadbirkorlarga moliyaviy resurslar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkonini berganini qayd etdi.

Majlis yakunida ishtirokchilar OHIChBK Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.