Joriy yilning 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan MINEX Central Asia 2025 xalqaro forumida “Strategik hamkorlik uchun investitsiyaviy jozibador tuzilmani shakllantirish” mavzusida panel sessiyasi tashkil etildi. Mazkur sessiya kritik minerallar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda uzoq muddatli va barqaror investitsiyaviy yondashuvlarni ilgari surishga qaratildi.

 

Тadbirda xalqaro moliya institutlari, davlat tashkilotlari, xususiy sektor vakillari va yetakchi tahliliy markazlar ishtirok etdi. Sessiya davomida ishtirokchilar investitsion xavflarni samarali boshqarish, ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish hamda tizimli islohotlar orqali investitsion muhitni takomillashtirish masalalarini batafsil muhokama etdilar.

 

Рanel sessiyasi doirasida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev O‘zbekistonda investitsion muhitni haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘z nutqida O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va ortga qaytmas islohotlar, shuningdek, investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar natijasida mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshib, strategik sohalar, jumladan, kritik minerallar sohasining raqobatbardoshligi kuchayganini ta’kidaldi. Ushbu islohotlar strategik tarmoqlarga, ayniqsa kritik xomashyo materiallari sanoatiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, kamyob yer elementlariga bo‘lgan global talabning ortib borayotgani fonida O‘zbekiston tobora strategik va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega investitsiyalar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida e’tirof etilib, xalqaro investitsiya xaritasida o‘zining mustahkam o‘rnini egallab bormoqda.

 

Bundan tashqari, panel muhokamalarida ekspertlar strategik tarmoqlarga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishda hukumatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va xususiy sektor o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi barqaror tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

 

Mazkur sessiya O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor ekanligini, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyoda ishonchli va jozibador investitsiyaviy yo‘nalma sifatida shakllanayotganini yana bir bor tasdiqladi.