O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Shu maqsadda Agentlik xorijiy kompaniyalar –Scania Central Asia (Qozog‘iston) Freedom Finance (Qozog‘iston), Bart sp. z o.o. (Polsha) va Metateks Oy (Finlandiya), bilan hamkorlikka oid to‘rtta yangi hujjat imzoladi.
Scania Central Asia (Qozog‘iston)
Shvetsiyaning Scania AB sanoat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi Scania Central Asia kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik kelishuviga ko‘ra, yirik yuk avtomobillari va tyagachlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, tomonlar loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, malakali mutaxassislarni jalb etish, davlat organlari va xususiy sektor vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Freedom Finance (Qozog‘iston)
Agentlik va xalqaro Freedom Holding Corp. tarkibiga kiruvchi Freedom Finance kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston investitsiyaviy salohiyatini xalqaro forumlar va konferensiyalarda targ‘ib qilish, loyihalar hamda potensial hamkorlar haqida axborot almashish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bart sp. z o.o. (Polsha)
Polshaning Bart sp. z o.o. kompaniyasi bilan meva, rezavor va sabzavotlarni sublimatsiya (freeze-drying) usulda quritish bo‘yicha ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi. Agentlik investorni mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beruvchilari bilan bog‘lash, shuningdek xomashyoni sertifikatlash, saqlash va tashishga doir masalalarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
Metateks Oy (Finlandiya)
Metateks Oy kompaniyasi O‘zbekistonda mahalliy xomashyo asosida fitomeliorativ o‘simliklardan ekologik toza o‘ram mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishda Agentlik kompaniyaga maslahat xizmatlari ko‘rsatish hamda mahalliy yetkazib beruvchilar bilan aloqalar o‘rnatishda ko‘maklashadi.
Mazkur kelishuvlar Agentlikning xalqaro sheriklikni kengaytirish, O‘zbekistonda zamonaviy investitsion muhitni shakllantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, eksport hajmini oshirish va yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish yo‘lidagi intilishlarini yaqqol ifodalaydi.
Ma’lumot uchun:
Scania AB – 1891-yilda Shvetsiyaning Syodertelye shahrida asos solingan, Volkswagen Group tarkibidagi TRATON Group’ga kiruvchi, dunyoga mashhur transport yechimlari ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, Xitoy, Janubiy Afrika, Qozog‘iston va Gruziyada ishlab chiqarish quvvatlariga ega.
Freedom Finance – Freedom Holding Corp. xalqaro investitsiya guruhining bir qismi bo‘lib, AQSh, Germaniya, Qozog‘iston, va Rossiya kabi 9 ta mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniyada 6 800 dan ziyod xodim ishlaydi, 530 mingdan ortiq brokerlik hisoblariga xizmat ko‘rsatadi, kapitalizatsiyasi qariyb 5 mlrd AQSh dollariga teng. O‘zbekistonda 2018-yildan buyon faoliyat yuritadi. Shuningdek, 2025-yilda dunyodagi eng yirik investitsiya kompaniyasi BlackRock, Inc. Freedom Holding Corp kompaniyasidagi ulushini 0,85% gacha oshirib, taxminan 89 million dollar sarmoya kiritgan.
Bart sp. z o.o. – 1990-yilda Polshada tashkil etilgan, tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari hamda quritilgan meva-sabzavotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya bo‘lib, Yevropa Ittifoqi bozorida faoliyat yuritadi hamda Osiyo va Shimoliy Afrika davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Metateks Oy – 2024-yilda Finlandiyada asos solingan, fitomeliorativ o‘simliklardan regenerativ biomateriallar ishlab chiqishga ixtisoslashgan biotexnologik startap.