2025-yil 21-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish to‘g‘risida”gi PQ-145-sonli qaror imzolandi. Unga ko‘ra, mamlakatda yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish va ularni xalqaro kapital bozorlariga chiqarish bo‘yicha keng qamrovli dastur amalga oshiriladi.
Hujjatga muvofiq, 2025–2028-yillar davomida energetika, transport, metallurgiya, aviatsiya, bank ishi, sug‘urta va telekommunikatsiya kabi strategik tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yirik korxonalarning aksiyalari bo‘yicha ochiq savdolar tashkil etiladi.
Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyalari ishtirokida quyidagi yo‘nalishlarda xususiylashtirish choralari ko‘riladi:
• 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketi ommaviy savdolarga chiqariladi;
• 12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar xalqaro va milliy fond birjalarida IPO va SPO shaklida joylashtiriladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning ochiq va raqobatbardosh bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda xususiy sektor ulushini keskin kengaytirish maqsadida qabul qilindi.
Yangi bosqichda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
• Xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida, shaffoflik va oshkoralik prinsiplariga rioya qilgan holda amalga oshirish;
• Har bir aktiv bo‘yicha strategik investorlarni jalb qilish uchun individual yondashish;
• Davlat ishtirokidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, transformatsiyadan so‘ng ularni xalqaro moliya bozorlariga chiqarish.