Joriy yilning 29-yanvar kuni Anqara shahrida Turkiya Savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamkorligida uch tomonlama “Turkiya-Ozarbayjon-O‘zbekiston” biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yurituvchi 300 ga yaqin tadbirkor, jumladan, 150 dan ortiq yetakchi turk kompaniyalari, 25 dan ziyod yirik Ozarbayjon korxonalari hamda 30 ga yaqin O‘zbekiston tashkilotlari ishtirok etdi.

Forumning rasmiy qismi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda biznes hamkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbirning asosiy qismida uch mamlakatning tegishli vazirliklari vakillari ishtirokida panel yig‘ilishi tashkil etilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo’nalishlari muhokama qilindi.

Shuningdek, forum doirasida B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, investitsiyalar va qo‘shma loyihalar bo‘yicha yangi imkoniyatlarni muhokama qildilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tomonidan Ozarbayjon va Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari uchun B2G formatidagi strategik uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Mazkur biznes forum savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiya muhitini rivojlantirish va uch tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma sifatida xizmat qildi.