2025-yil 25-fevral kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida O‘zbekiston–Polsha biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ikki davlat o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi. Bu jarayon, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va kelajakdagi istiqbollarni aniqlashga qaratilgan.
Forum rasmiy ochilish marosimi bilan boshlandi, unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga to‘xtaldilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni jalb etish agentligi Direktor vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti haqida ma’ruza qilib, polshalik ishbilarmonlar uchun mavjud imkoniyatlarni ta’kidladi.
Forumning asosiy qismi O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan beshta tematik sessiyani o‘z ichiga oldi. Davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida o‘tgan ushbu muhokamalarda energetika, transport, qishloq xo‘jaligi hamda farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida eksport va investitsiyaviy sheriklik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Equnico”, “APS Energia”, “Clever Logistic”, “Pronar” va “Mlekovita” kabi yetakchi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston va Polsha iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Forumning yakuniy qismida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng, B2B va B2G formatlarida o‘zaro muzokaralar bo‘lib o‘tdi, bu esa tadbir ishtirokchilariga aniq kelishuvlarga erishish va yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.





