Joriy yilning 30-yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilindi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tomonidan Fransiyaning Fransuz tadbirkorlar harakati (MEDEF) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda Fransiya va Oʻzbekistonning yetakchi kompaniyalari, davlat tashkilotlari va assotsiatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, energetika, infratuzilma, elektrotexnika va turizm sohalariga oid tematik taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, forumning eng muhim qismlaridan biri sifatida B2B va G2B formatlaridagi ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Bu muzokaralar davomida istiqbolli investitsiya loyihalari va ikki tomonlama hamkorliklar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Mazkur forum ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya muhitini yaxshilash va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.


