2025-yil 30-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va Chuvash Respublikasi Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi rahbariyatlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar investitsiya, sanoat va texnologiya yo‘nalishlaridagi ustuvor hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, chuvash kompaniyalarining O‘zbekistondagi infratuzilma va qurilish loyihalarida, shuningdek transport, energetika va ijtimoiy sohalardagi davlat-xususiy sheriklik tashabbuslarida ishtirok etish istiqbollari e’tibor markazida bo‘ldi. Chuvash delegatsiyasi o‘z navbatida O‘zbekistonlik hamkorlarga qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida barqaror kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston tomoni Chuvash Respublikasi delegatsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi stendiga taklif etdi. Mazkur stendda istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etildi.




