Joriy yilning 5-iyul kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Koreya iqtisodiy hamkorlik biznes forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda ikki mamlakatning tegishli davlat idoralari, biznes doiralari hamda yirik kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida energetika, elektrotexnika, bank ishi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar oʻzaro tajriba almashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Koreya Respublikasining Ulsan shahri meri Kim Du Gyom ishtirok etdilar. O‘z nutqlarida ular O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, xalqaro savdo aloqalarini kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish masalalarining dolzarbligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, ochilish marosimi yakunida Mamlakatimizda toza energiya sohasidagi loyihalarni ilgari surish va rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi, Ulsan shahri ma’muriyati hamda Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari – Korea East-West Power, Doosan Enerbility, Hyundai Engineering, LG Energy Solution, LS Electric va Samsung C&T Corporation o‘rtasida imzolandi. Mazkur Memorandum tomonlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suyultirilgan tabiiy gaz sohasida innovatsion va barqaror loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda o‘zaro anglashuv va umumiy yondashuvni ifodalaydi.

Forum doirasida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktor v.b. Mansurjon Rasulev O‘zbekistondagi investitsiyaviy muhitga bag‘ishlangan taqdimot bilan chiqdi. O‘z nutqida u Koreya bilan amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalarni alohida qayd etib, elektrotexnika sanoatidagi mavjud imkoniyatlar hamda yirik urbanizatsiya tashabbusi – New Tashkent City loyihasining investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Forum B2B uchrashuvlari bilan yakunlandi.