2025-yil 24-martdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorlariga muvofiq, mamlakatimizda maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik investitsiyaviy loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu loyihalar Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshiriladi. Har bir loyiha uchun xorijiy investorlar ishtirokida alohida loyiha kompaniyalari tashkil etilgan boʻlib, moliyalashtirish bevosita xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.

2025–2027-yillar davomida jami kuniga 10 ming tonnadan ortiq chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega obyektlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu esa katta hajmdagi elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Jumladan:

  • Toshkent viloyati: 2 500 tonna/kun chiqindi → yiliga 390 million kVt·soat elektr energiyasi, investitsiya hajmi 240 million AQSh dollari;

  • Andijon viloyati: 1 500 tonna/kun chiqindi → yiliga 240 million kVt·soat/yil, investitsiya hajmi 110 million AQSh dollari;

  • Namangan va Fargʻona viloyatlari: 1 500 tonna/kun chiqindi → yiliga 227,5 million kVt·soat/yil, investitsiya hajmi 141,5 million AQSh dollari;

  • Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari: 1 500 tonna/kun chiqindi → yiliga 240 million kVt·soat, investitsiya hajmi 150 million AQSh dollari;

Loyihalarni amalga oshirishda "yashil energetika" sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan yirik xalqaro kompaniyalar ishtirok etmoqda. Xususan, China CAMC Engineering Co., Ltd. Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Andijon viloyatlarida, China Everbright International Limited Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, Shanghai SUS Environment Co., Ltd. esa Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi loyihalarda hamkor sifatida ishtirok etmoqdalar.

Har bir loyiha kompaniyasi bilan “Oʻzenergosotish” AJ oʻrtasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida kafolatli xarid qilish boʻyicha shartnomalar imzolangan. Maishiy chiqindilar yetkazib berilishi esa shu muddatga teng asosda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan taʼminlanadi.

Ushbu loyihalar ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni ko‘mish hajmini kamaytirish, chiqindilar bilan ishlash infratuzilmasini rivojlantirish va hududlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

*Manbalar: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 24.03.2025 yildagi PQ-116-son (https://lex.uz/uz/docs/-7444387)

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 24.03.2025 yildagi PQ-117-son (https://lex.uz/docs/-7444543)

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 24.03.2025 yildagi PQ-118-son (https://lex.uz/docs/-7444447)