Joriy yilning 24-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Malayziya biznes forumi tashkil etildi. Mazkur tadbirda energetika, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, neft-gaz, turizm va farmatsevtika sohalarida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq yetakchi malayziyalik kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Djamshid Kuchkarov hamda Malayziya Bosh vaziri o‘rinbosari – Energetika va suv resurslarini transformatsiya qilish vaziri Fadilla bin Haji Yusof ishtirok etdilar. Yuqori martabali vakillar o‘z chiqishlarida standartlarni yanada uyg‘unlashtirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilash va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, mazkur tadbir doirasida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti, maxsus iqtisodiy zonalardagi imkoniyatlar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Malayziya kompaniyalari o‘rtasida to‘rtta hamkorlik hujjati almashildi, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash sari muhim qadam bo‘ldi.

Forum G2B va B2B uchrashuvlari bilan yakunlandi.