2025-yil 26-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Pokiston biznes forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki mamlakatning davlat va biznes doiralaridan 350 dan ortiq vakillar ishtirok etdi.

Forum rasmiy nutqlar bilan ochilib, unda investitsion hamkorlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Oʻzbekistonning investitsion muhiti, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida keng qamrovli taqdimotlar oʻtkazildi. Forum davomida farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, toʻqimachilik sanoati kabi strategik sohalarda kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlari alohida e’tiborga olindi.

Tadbir doirasida biznes vakillari va davlat idoralari oʻrtasida hujjatlar almashinuvi marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida quyidagi kelishuvlarga erishildi.

  • Qarachi va Lahorda Oʻzbekiston savdo uylari ochilishi;

  • Broad Peak Shipping & Logistic (Pvt) Ltd va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi oʻrtasidagi kelishuv;

  • Termiz xalqaro savdo markazi va Pokistonning NLC kompaniyasi oʻrtasidagi kelishuv;

  • “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va Pokistonning Shafiq Brothers kompaniyasi oʻrtasida shartnoma.

Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Shahbaz Sharif ishtirokida ishtirokida yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahbaz Sharif ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, savdo aloqalarini mustahkamlash va yangi qoʻshma loyihalarni ilgari surish zarurligini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga koʻtarish uchun yangi investitsiya imkoniyatlari yaratish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or amaliyotlarni joriy etishning muhimligini qayd etdilar. Bu tashabbuslar ikki davlatning iqtisodiy o‘sishiga va savdo sohasidagi integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Forum doirasida B2B (biznesdan biznesga) va G2B (hukumatdan biznesga) formatidagi muzokaralar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. G2B uchrashuvlarida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi vakillari pokistonlik tadbirkorlarga mamlakatimizga investitsiya kiritish imkoniyatlari, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berdilar. Shuningdek, agentlik vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, yangi qonunchilik bazasi va xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan preferensiyalarni muhokama qildilar.

Ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi B2B uchrashuvlar rejalashtirilgan muddatdan uzoq davom etdi. Bu esa Oʻzbekiston va Pokiston biznes doiralarining oʻzaro hamkorlikka bo‘lgan yuksak qiziqishini yana bir bor tasdiqladi.