Mamlakatning eng yirik supermarketlar tarmog‘i – Korzinkaga kiritilgan 110 million dollarlik investitsiya kiritildi. Ushbu sarmoya mamlakatning investitsion jozibadorligi ortib borayotganini va xalqaro hamkorlarning O‘zbekiston Respublikasining chakana savdo bozoriga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Asosiy investorlar quyidagilar:

  • Abu Dhabi Uzbek Investment (ADUI) — Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi (BAA) hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shma korxonasi;

  • Uzbek-Oman Investment Company (UzOman) — Ummon suveren investitsiya jamg‘armalari konsortsiumining tashabbuskori bo‘lib, Oman Investment Authority (OIA) hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi qo‘shma loyihasidir.

Bu so‘nggi yillarda Korzinka uchun jalb etilgan ikkinchi xorijiy investitsiya hisoblanadi. Avvalroq, 2020-yilda kompaniyaga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) sarmoya kiritgan edi.

Mazkur investitsiya O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan qulay investitsiya muhitini yaratish va iqtisodiyotni xalqaro standartlarga mos tarzda modernizatsiya qilishga bo‘lgan qat’iy intilishni yaqqol namoyon etadi.