2025-yil 15-aprel kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ (O‘zTMK) raisi maslahatchisi Ilhan Han boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zTMK kritik materiallarni qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat xabi yaratish konsepsiyasini taqdim etdi. Konsepsiya geologik-qidiruvdan tortib, yakuniy mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirini qamrab oladi.
Loyiha doirasida R&D markazi va nanolaboratoriya tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tashabbus yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. O‘zTMK 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyihani amalga oshirish doirasida xalqaro va mahalliy hamkorlarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Agentlik O‘zTMK vakillarini joriy yilning 10–12 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida o‘z tashabbuslarini taqdim etishga taklif etdi.
Ma’lumot uchun:
“O‘zbekiston Texnologik Metallar Kombinati” AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2024-yil 20-mayda tashkil etilgan bo‘lib, kombinat sanoat uchun muhim foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, rudadan foydali qazilmalarni kompleks ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish kabi vazifalarni bajaradi.

