O‘zbekiston raqamli ekotizimi Uzum va ilg‘or raqamli infratuzilma bo‘yicha global yetakchi kompaniya DataVolt o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish va bulutli xizmatlarni kengaytirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Hamkorlik O‘zbekistonning raqamli infratuzilmaning mustahkamlanishi hamda xalqaro standartlarga mos bulutli yechimlarning joriy qilinishiga xizmat qiladi. Uzum uchun ushbu sheriklik texnologik salohiyatni kengaytirish va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish imkoniyatini beradi.
“Mahalliy raqamli infratuzilmani rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirishni jadallashtirish va mamlakatimizning mintaqaviy IT-xab sifatidagi mavqeini mustahkamlashning asosiy omilidir. Bizni DataVolt bilan nafaqat mamlakat salohiyatiga bo‘lgan ishonch, balki ushbu salohiyat uchun zarur bo‘lgan poydevorga sarmoya kiritishga tayyorlik birlashtiradi: odamlar, "temir", xizmatlar”, — deydi Uzum ekotizimi asoschisi va bosh direktori Djasur Djumayev.
"Uzum bilan hamkorligimiz DataVolt kompaniyasining O‘zbekistonni raqamli transformatsiya qilishga ko‘maklashish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Uzumning raqamli xizmatlar bozoridagi yetakchiligini DataVoltning barqaror raqamli infratuzilmani yaratish bo‘yicha tajribasi bilan birlashtirib, biz mamlakatda global darajadagi bulutli va sun’iy intellekt yechimlari uchun poydevor yaratmoqdamiz. Biz O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining o‘sishini tezlashtirish uchun Uzum bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz” — dedi DataVolt kompaniyasining rivojlanish bo'yicha bosh direktor o'rinbosari Anil Vijayachandran.
Uzum va DataVolt o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar xususiy sektor samaradorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi tizimida samarali yechimlarni joriy etishda amaliy natijalar berishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun:
DataVolt — data-markazlarini ishlab chiquvchisi, boshqaruvchisi va operatori bo‘lib, tiklanuvchi energiya infratuzilmalari va “yashil” yoqilg‘i asosidagi ilg‘or texnologik yechimlarni taklif etadi. Kompaniyaning bosh ofisi Saudiya Arabistonida joylashgan bo‘lib, hozirda AQSh, O‘zbekiston, Hindiston va BAAda ofislari faoliyat yuritmoqda. DataVolt, shuningdek, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo bozorlarida faoliyatini izchil kengaytirmoqda.
Uzum — O‘zbekistonning yetakchi raqamli ekotizimi bo‘lib, fintech, elektron tijorat va bank xizmatlarini qamrab oladi. Ekotizim tarkibida onlayn savdo maydonchasi, tez yetkazib berish xizmati, klassik va raqamli bank, BNPL-xizmati, avtomobil xaridi uchun platforma hamda tadbirkorlar uchun maxsus mobil ilova mavjud. Bugungi kunda Uzum xizmatlaridan O‘zbekistonning 17 milliondan ortiq aholisi foydalanmoqda.