2025-yil 29-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning 100 dan ortiq hukumat va ishbilarmon vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev mamlakatning investitsiya muhiti, olib borilayotgan islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqidagi taqdimoti bilan ochib berdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rahbarlik qildi. Serbiya Prezidenti mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ta’kidladi.
Bundan tashqari, forum doirasida Made in Uzbekistan ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda to‘qimachilik va agro-sanoat mahsulotlari, shuningdek, IT va mudofaa sanoati sohalaridagi yutuqlar namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazma o‘zbek kompaniyalarining eksport salohiyati va innovatsion imkoniyatlarini keng namoyon etish imkonini berdi.