O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Avstraliyaning Allied Green Ammonia kompaniyasi bilan yashil karbamid, barqaror aviayoqilg‘i va yashil dizel ishlab chiqarishga qaratilgan integratsiyalashgan energiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Ma’lumot uchun: 2025-yil 8-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan XIV Yillik Investitsiyaviy Majlis (AIM Congress 2025) doirasida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va AGA o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Loyiha doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan, kuniga 6 000 tonnagacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qoldiqlari (asosan bug‘doy va guruch somoni) hamda boshqa mahsulotlardan xomashyo sifatida foydalanilgan holda energiya olish imkonini beruvchi resurslardan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

Kelishuv Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan IV Toshkent Xalqaro Investitsiya forumida doirasida imzolanib, O‘zbekistonning barqaror sanoat rivoji bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning global dekarbonizatsiya jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlab, innovatsiyalar, sirkulyar iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi yetakchiligini namoyon etadi.